Ehtiyotkorlikni qanday saqlash mumkin?
Kiberjinoyatchilar ayyor, ular qoidalarsiz o‘ynashda katta tajribaga ega. Lekin tashkilotingizni himoya qilish imkoniyati sizning qo‘lingizda. Fishing firibgarliklaridan saqlanish uchun qilishingiz mumkin bo‘lgan bir nechta ishlar bor:
- Ishoning, lekin tekshiring. Biror narsani yuklab olishni yoki ma’lumot ulashishni so‘raydigan xatga javob berishdan oldin yuboruvchining shaxsini qayta tekshiring. Agar “rahbaringiz” pul o‘tkazishni so‘rab xat yozsa, unga qo‘ng‘iroq qilib tasdiqlab oling. Faqat bunda shubhali bo‘lishi mumkin bo‘lgan xatda ko‘rsatilgan raqamdan emas, sizda oldindan saqlangan raqamdan foydalaning.
- Havolalar va biriktirilgan fayllardan ehtiyot bo‘ling. Barcha giperhavolalar yoki biriktirilgan fayllar zararli emas, biroq fishing qiluvchilar sizni aynan shu usul bilan eng ko‘p aldaydi. Havolani bosishdan oldin kursorni uning ustiga olib boring va manzil URL haqiqiy ko‘rinishini tekshiring; agar havola qisqartirilgan bo‘lsa (masalan, bit.ly yoki goo.gle havolalari), ehtiyot bo‘ling, chunki u sizni qayerga olib borishini bilib bo‘lmaydi. Xuddi shunday, notanish manbadan hech qachon fayl yuklab olmang. Biriktirilgan faylni ochayotgan bo‘lsangiz, kursorni fayl ustiga olib borib, uning kengaytmasini ko‘ring. Agar u .exe kengaytmali bo‘lsa yoki .Ink kabi sizga notanish kengaytma bo‘lsa — uni ochmang! Elektron pochta provayderingiz imkon bersa, barcha biriktirilgan fayllarni viruslarga qarshi tekshiring. Nihoyat, agar Microsoft Office faylini yuklab olgan bo‘lsangiz va dastur “makroslarni yoqish” yoki “kontentni yoqish”ni so‘rasa — rozi bo‘lmang! Makroslarni yoqish kompyuteringiz buzilishiga olib kelishi mumkin.
- Agar xat shubhali bo‘lsa, bu haqda xabar bering! Tashkilotingiz elektron pochta klientida “report phish” tugmasini taqdim etadimi yoki ularga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishingiz kerakmi, tashkilotingizning xabar berish siyosati va tartib-qoidalariga amal qilgan holda IT yoki Xavfsizlik jamoasini xabardor qiling. Fishing xatini IT xodimlariga (yoki boshqa birovga) yo‘naltirmagan ma’qul, chunki bu ularni xavf ostiga qo‘yishi mumkin. Hamkasbingiz o‘zingiz shubha qilayotgan havolani yoki faylni bexabar ochib yuborishi eng yomon holat bo‘lardi. Buning o‘rniga ularga qo‘ng‘iroq qiling yoki xabar yozib, nima bo‘layotganini tushuntiring va ogohlantiring. Xabar berayotgan xatingizning skrinshotini biriktirish ham foydali bo‘lishi mumkin.
Qo‘shimcha maslahat! Masofadan ishlaganda ommaviy Wi-Fi tarmoqlaridan foydalanmang
Parol bilan himoyalanmagan ommaviy tarmoqlardan ehtiyot bo‘ling. Afsuski, tajribali xaker uchun Wi-Fi tarmoq nomlarini “soxtalashtirish” (spoofing) juda oson. Ochiq tarmoq “Starbucks” deb ko‘rinishi mumkin, lekin u haqiqatan shundaymi? Xaker Wi-Fi tarmog‘iga xohlagan nomini berishi mumkin! Agar ommaviy tarmoqlarga ulansangiz, ish hisoblaringizga kirmaslikka qat’iy e’tibor bering. Xakerning o‘xshatma tarmog‘ida ish hisoblaringizga kirsangiz, unga har bir harakatingizdan xabardor bo‘lish imkonini berishingiz mumkin. Hatto qonuniy tarmoqda ham kiberjinoyatchi ommaviy Wi-Fi ulanishidan sizga qarshi foydalanishi mumkin. Ommaviy tarmoqqa ulangan paytda paydo bo‘ladigan, tanish ko‘rinadigan dasturiy ta’minot yangilanishlari (masalan, Spotify yoki antivirusingiz) haqidagi bildirishnomalardan ehtiyot bo‘ling. Bular sizni zararli dastur yuklab olishga undash uchun xaker tomonidan kiritilgan soxta xabarlar bo‘lishi mumkin. Bunday Wi-Fi orqali amalga oshiriladigan kiberhujumlardan qanday saqlanish mumkin? Ishonchli Wi-Fi manbasidan foydalana olmasangiz, doim o‘zingizning shaxsiy hotspotingizdan yoki VPN’dan foydalaning.Bilim — kuch!
Fishing hujumlari haqida ko‘proq bilib, siz yomon niyatli odamlarni aniqlash uchun zarur bilimlar bilan o‘zingizni qurollantirasiz. Hatto fishing xati haqida IT’ga xabar berish kabi arzimas tuyulgan harakat ham kompaniyangiz xavfsizligini saqlashda katta ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Nimalardan ehtiyot bo‘lish kerakligini bilish — nishonlashga arziydigan katta YUTUQ, shuning uchun borib, ikkinchi finjon qahvangizni ichib oling. Siz bunga munosibsiz.

